Skip to content Skip to sidebar Skip to footer

Investitsion kompaniyalar O‘zbekiston iqtisodiyotini qanday o‘zgartirmoqda?

So‘nggi yillarda O‘zbekiston investitsion muhitni rivojlantirish yo‘lida sezilarli qadamlar tashlab, xalqaro biznes uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Iqtisodiyotni liberallashtirish, soliq yukini kamaytirish va valyuta konvertatsiyasini soddalashtirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar investitsiyalar oqimining sezilarli darajada oshishiga olib keldi. Bu jarayonning muhim qismi sifatida erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilib, investorlar uchun keng imtiyozlar berildi hamda xalqaro moliya institutlari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.

Amaldagi iqtisodiy siyosatning asosiy maqsadi biznes va xorijiy investorlar uchun qulay muhit yaratishdan iborat. Mamlakatda soliq stavkalari izchil pasaytirilmoqda, xorijiy kompaniyalar uchun kredit olish imkoniyatlari kengaytirilmoqda, investorlar huquqlarini himoya qilish choralari ko‘rilmoqda. Ushbu o‘zgarishlar O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng jozibador bozorlar qatoriga qo‘shmoqda.

Respublikaning asosiy ustunliklaridan biri — uning strategik joylashuvidir. Aholi soni 37,5 millionni tashkil etadi, qo‘shni davlatlar esa 300 milliondan ortiq iste’molchidan iborat bozorni shakllantiradi. Bu mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va mahsulotlarni mintaqaviy eksport qilish uchun katta istiqbollar yaratadi. O‘zbekiston faqat xorijiy kapitalni jalb qilishni emas, balki ilg‘or texnologiyalar va nou-xauni joriy etishni ham maqsad qilmoqda, bu esa iqtisodiyotning muhim tarmoqlarini modernizatsiya qilish imkonini beradi.

Jahon amaliyoti shuni ko‘rsatadiki, faol investitsion siyosat olib borayotgan davlatlar barqaror iqtisodiy o‘sishga erishadi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish va zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish sanoat rivojiga turtki beradi, ish o‘rinlari yaratadi va aholining turmush darajasini oshiradi. O‘zbekiston ham aynan shunday yondashuvni qo‘llamoqda, bu esa yirik investitsion tadbirlar natijalari bilan tasdiqlanmoqda. Masalan, uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida 26,6 milliard dollarlik shartnomalar imzolandi. 2023 yilda bu ko‘rsatkich 11 milliard dollarni, 2022 yilda esa 7,8 milliard dollarni tashkil qilgan edi. Investitsiyalar hajmining tez o‘sishi xalqaro biznes ishonchi ortayotganidan dalolat beradi.

Muvaffaqiyatli investitsion tashabbuslarning yorqin namunalaridan biri — Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi (O‘OIK) faoliyatidir. O‘zbekiston va Ozarbayjon prezidentlari tashabbusi bilan tashkil etilgan kompaniya 500 million dollarlik ustav kapitaliga ega bo‘lib, ikki mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiluvchi xususiy biznesni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan. Kompaniya yangi va mavjud loyihalarga 1 milliondan 25 million dollargacha sarmoya kiritadi, investitsiya muddati 5–8 yilni tashkil etadi. O‘OIK moliyaviy investor sifatida strategik qarorlar qabul qilishda ishtirok etadi, ammo loyihaning kundalik boshqaruviga aralashmaydi. Sarmoyalar ishlab chiqarish, logistika, turizm, qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar va boshqa sohalarga yo‘naltiriladi. An’anaviy moliya institutlaridan farqli ravishda, O‘OIK faqat kapital ajratibgina qolmay, balki hamkor sifatida ish yuritadi, biznes-rejalarning ortida odamlar, ularning g‘oyalari va ambitsiyalarini ko‘radi. Shu bois kompaniya iqtisodiy o‘sish va tarkibiy o‘zgarishlarning muhim katalizatori hisoblanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarini mustahkamlashda davom etmoqda, YAIMning yetakchi sohalari qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati bo‘lib qolmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘OIK bir nechta yo‘nalishga e’tibor qaratib, barqaror iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

Bugun O‘zbekiston investorlarni jalb etuvchi markaz sifatida tobora mustahkamlanmoqda va bu bejiz emas. Bu mamlakat nafaqat bozor, balki dinamik o‘zgarishlar hududi sifatida ko‘rilmoqda, biznes rivoji uchun real sharoitlar yaratilmoqda. O‘tkazilgan islohotlar iqtisodiyotni yanada ochiq, moslashuvchan va xalqaro kapital uchun qulay qildi. O‘OIK uchun investitsiyalar — bu shunchaki mablag‘ kiritish emas, balki strategik hamkorlik va uzoq muddatli hissa demakdir. Bizni faqat raqamlar emas, balki yangi trendlarni belgilashga tayyor bo‘lgan tadbirkorlar ham qiziqtiradi. O‘zbekiston — bu imkoniyatlar mamlakati, bu yerda keng ko‘lamli o‘zgarishlarning bir qismiga aylanish mumkin. Biz ushbu jarayonga o‘z hissamizni qo‘shayotganimizdan faxrlanamiz, — dedi O‘OIK bosh direktori Nazim Gadjiev.

O‘zbekistonda O‘OIKdan tashqari, iqtisodiyotning turli segmentlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan boshqa investitsion tuzilmalar ham faoliyat yuritmoqda. Bu nafaqat an’anaviy sohalarning rivojiga turtki beradi, balki tadbirkorlarga g‘oyalar izlash, mahsulot ishlab chiqish va xalqaro bozorga chiqish imkonini yaratadi. Ayniqsa, IT, fintex, elektron tijorat va ilg‘or raqamli yechimlarga e’tibor qaratilmoqda.

Shu tuzilmalar qatorida O‘zbekiston Tiklanish va Taraqqiyot Jamg‘armasi (TTJ) ham bor bo‘lib, u uzoq muddatli infratuzilma loyihalarini moliyalashtiradi: transport tugunlarini qurishni qo‘llab-quvvatlaydi, energetika tizimini modernizatsiya qiladi va sanoatning strategik tarmoqlarini rivojlantiradi. Bularning barchasi iqtisodiy o‘sish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

Globallashuv sharoitida respublika mintaqada muhim rol o‘ynamoqda, izchil ravishda jahon iqtisodiy jarayonlariga integratsiyalashmoqda. Geografik joylashuv, boy tabiiy resurslar va investitsiyalarga ochiqlik O‘zbekistonni xalqaro o‘yinchilar uchun jozibador maydonga aylantirmoqda. “Investitsiyalar va investitsion faoliyat to‘g‘risida”gi Qonun investorlar huquqlarining shaffofligi, tengligi va himoyasini kafolatlab, biznes yuritish sharoitlarini barqaror va bashoratli qilmoqda.

Davlat siyosati investitsion muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan. Eng muhim yo‘nalishlar — innovatsion ishlab chiqarishlarni jalb qilish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, xalqaro moliya tashkilotlari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish va kichik hamda o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashdir. Uzoq muddatli istiqbolda bu milliy iqtisodiyotning barqaror o‘sishi uchun mustahkam asos yaratadi.