O‘zbekiston va Ozarbayjon Oliy davlatlararo kengashining uchinchi yig‘ilishida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston – Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi (AUIK) faoliyati natijalarini alohida qayd etdi.
“Ozarbayjonning turli davlatlar bilan shunday hamkorlik formatlari mavjud. Ammo, aytishim mumkinki, eng samarali va natijaga yo‘naltirilgan fond aynan O‘zbekiston –Ozarbayjon fondidir”, — dedi Ilhom Aliyev.
Tashrifning asosiy natijalari:
• 2030-yilgacha O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga yetkaziladi;
• O‘zbekistonda bank, sanoat, energetika, turizm va agrobiznes yo‘nalishlarida Ozarbayjon ishtirokidagi yangi loyihalar amalga oshiriladi;
• ikki davlat o‘rtasida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi;
• investitsiya, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish va turizm sohalaridagi hamkorlik kengaytiriladi;
• transport aloqalari, xususan, O‘rta yo‘lakni (Middle Corridor) rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif davomida tomonlar onlayn formatda O‘zbekistonda Ozarbayjon ishtirokida amalga oshirilayotgan qariyb 10 ta loyihaning ochilish va qurilish ishlariga start berishdi.