So‘nggi yillarda Xorazm o‘z iqtisodiy salohiyatini sezilarli darajada oshirdi. Viloyatga allaqachon 4 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilingan va qariyb 10 mingta yangi ishlab chiqarish obyekti ishga tushirilgan.
Bugungi kunda kichik biznes viloyat yalpi hududiy mahsulotining qariyb 72 foizinishakllantirmoqda. Xorazm eksportida kichik biznesning ulushi esa 81 foizga yetgan — bu O‘zbekistondagi eng yuqori ko‘rsatkich.
Shu bilan birga, viloyat yirik loyihalarni ham faol jalb qilmoqda. Avgust oyining o‘rtalarida Prezident Shavkat Mirziyoyev umumiy qiymati 176 million dollar bo‘lgan 12 ta loyihani ishga tushirishga start berdi. Yana 7,4 milliard dollarlik 15 ta loyiha qurilish bosqichiga o‘tdi. Ularning amalga oshirilishi natijasida qariyb 6,6 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Yangi yo‘nalishlar qatorida ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi va bioetanol ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlash, “yashil” energiya ishlab chiqarish, mis klasterini yaratish, optik tolali kabellar ishlab chiqarish, shuningdek, yangi turistik va infratuzilmaviy obyektlarni barpo etish bor.
Transport imkoniyatlari ham kengaymoqda: so‘nggi besh yil ichida haftalik aviaqatnovlar soni 16 tadan 102 tagacha, yo‘lovchi poyezdlari soni esa 8 tadan 41 tagacha oshdi.
Xorazm tobora nafaqat turizm markazi, balki ishlab chiqarish, eksport va xalqaro investitsiyalar uchun jozibador hudud sifatida ham namoyon bo‘lmoqda.