Skip to content Skip to sidebar Skip to footer

AUIC Birinchi Ozarbayjon xalqaro investitsiya forumida ishtirok etdi

22–23-sentabr kunlari Boku shahri Prezident Ilhom Aliyev tashabbusi bilan Birinchi Ozarbayjon Xalqaro Investitsiya Forumi (AIIF 2025)ga mezbonlik qildi. Forumga “Bo‘lingan global iqtisodiyotda Sharq–G‘arb va Shimol–Janub aloqalarini mustahkamlash” mavzusi tanlandi. Unda Xitoy, Turkiya, Rossiya, Isroil, BAA hamda Avstraliya kabi davlatlardan 250 dan ortiq vakillar qatnashdi. Bu Ozarbayjon tomonidan o‘tkazilayotgan eng yirik investitsiya anjumanlaridan biridir.

Forum doirasidagi muhokamalar turli yo‘nalishlarni qamrab oldi: transportdan tortib logistika, energetika, infratuzilma, innovatsiyalar hamda yashil texnologiyalargacha – bari muhokama qilindi. Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabbarovning ma’lumotiga ko‘ra, forum davomida qiymati 10 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalari bo‘yicha hujjatlar imzolandi. Varizning ta’kidlashicha, Ozarbayjon xorijiy kapital uchun ochiqligini, barqaror iqtisodiy muhitini va uzoq muddatli hamkorlik uchun ishonchli hamkor sifatidagi o‘rnini namoyish etib ulgurdi. Shundan 7 milliard dollardan ortig‘i neft-gazdan xoli loyihalarga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish, texnologiyalarni tezkor transfer qilish va umumiy farovonlikni oshirishga zamin hozirlaydi.

Forum Sharq va G‘arb chorrahasida joylashgan mamlakatlar uchun investitsiya imkoniyatlarini o‘rganish, global savdo va barqaror ta’minot zanjirlari istiqbolini muhokama qilish maydoni bo‘ldi. Ishtirokchilar yangi global raqobatbardoshlik paradigmalari haqida qimmatli bilimlar olish bilan birga, yuqori darajadagi aloqalar o‘rnatish, strategik kelishuvlarga erishish va yangi hamkorliklarni shakllantirish imkoniga ega bo‘ldilar. Mutaxassislarning fikricha, Ozarbayjon xorijiy investitsiyalar uchun ochiq va barqaror iqtisodiy muhitni, o‘zining strategik loyihalarining ahamiyatini hamda uzoq muddatli hamkorlik uchun ishonchli sherik sifatidagi mavqeini yana bir bor isbotladi.

AUICning ishtiroki Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi strategik sohalarda hamkorlikni kengaytirishda muhim rol o’ynaydi. Bu esa ularning qo‘shma iqtisodiy tashabbuslarga sodiqligini ifodalaydi.