Markaziy Osiyo asta-sekin nafaqat investitsiya yoʻnalishi, balki toʻlaqonli investitsiya platformasiga aylanib bormoqda. Oʻzbekiston esa ushbu jarayonning moliyaviy markazi boʻlishga intilmoqda.
2027-yilga qadar mamlakat Toshkent xalqaro moliya markazi (TIFC)ni toʻliq ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu ingliz umumiy huquqi (English common law) tamoyillari asosida faoliyat yuritadigan, mustaqil sud va tartibga solish tizimiga ega xalqaro kapital infratuzilmasi boʻladi.
Shu bilan birga, hukumat xususiy kapital (private equity) va venchur kapital uchun muqobil investitsiya fondlari toʻgʻrisidagi qonun loyihasini tayyorlamoqda. Bu venchur investitsiyalar ekotizimini mustahkamlash va global bozor ishtirokchilarini jalb etish yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.
Shu nuqtayi nazardan, TIFC’ning ishga tushirilishi shunchaki tashabbus emas, balki mamlakatdagi keng koʻlamli iqtisodiy transformatsiyaning mantiqiy davomi sifatida koʻrilmoqda:
- Oʻzbekiston YaIMi 147 milliard dollardan oshdi,
- jalb etilgan investitsiyalar hajmi 43 milliard dollarga yetdi,
- xalqaro reyting agentliklari mamlakat baholarini yaxshiladi,
- UzNIF esa dual listing orqali global kapital bozorlariga chiqdi.