Xalqaro kapital O‘zbekiston bozorida tobora faolroq ishtirok etmoqda va mamlakat endilikda shunchaki “ekzotik frontier market” sifatida emas, balki istiqbolli investitsiya yo‘nalishi sifatida qaralmoqda.
O‘zbekiston Milliy investitsiya fondi (UzNIF)ning Toshkent va London fond birjalarida dual listing formatida o‘tkazilgan IPOsi hamda unda BlackRock, Franklin Resources va Redwheel kabi yirik institutsional investorlarning ishtiroki butun mintaqa uchun muhim ishora bo‘ldi.
2027-yilgacha to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi (TIFC) fonida mamlakat xalqaro kapital talablariga mos infratuzilmani izchil shakllantirmoqda:
- soliq imtiyozlari;
- mustaqil regulyator va sud tizimi;
- ingliz umumiy huquqi (English common law) tamoyillariga asoslangan huquqiy muhit;
- kapital bozorlari, islomiy moliya va fintech sektorini rivojlantirish.
Shuningdek, xususiy kapital (private equity) va venchur kapital uchun muqobil investitsiya fondlari to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqilayotgani ham alohida ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo uchun bu mintaqaviy investitsiya ekotizimi rivojlanishining navbatdagi bosqichini anglatadi — ya’ni kapitalni jalb qilishdan tashqari, uni mintaqa ichida samarali joylashtirish va boshqarish uchun xalqaro amaliyotga mos, shaffof mexanizmlarni yaratish bosqichiga o‘tilmoqda.