Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi (AUIC) bosh direktori Nazim Hajiyev Bokuda bo‘lib o‘tgan “Investment Outlook Forum 2026” forumida ishtirok etdi.

Forum Ozarbayjon Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hamda Eksport va investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi (AZPROMO) tomonidan Islom taraqqiyot banki guruhi yillik yig‘ilishlari doirasida tashkil etildi. Tadbirda Janubiy Kavkaz, Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalardan davlat idoralari, taraqqiyot institutlari hamda xususiy kapital vakillari qatnashdi. Forumni Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabbarov ochib berdi.

Nazim Hajiyev «Ozarbayjon va mintaqada kapital, o‘sish va imkoniyatlar»i mavzusidagi sessiyada so‘zga chiqdi. U Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkazdagi investorlar uchun mintaqaviy integratsiyaning ahamiyati haqidagi savollarga javob berar ekan, institutsional investorlar uchun mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik endilikda qo‘shimcha omil emas, balki investitsiya loyihasini baholashning ajralmas qismiga aylanganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘shma infratuzilma va logistika yechimlari mamlakatga xos xatarlarni kamaytiradi hamda aks holda faqat bitta yurisdiksiya bilan cheklanib qoladigan kapital uchun investitsiya imkoniyatlarini kengaytiradi.

Nazim Hajiyevning ta’kidlashicha, amaliyotda integratsiya qo‘shma investitsiya platformalarini yaratish, tartibga solish tizimlarini uyg‘unlashtirish va loyihalarni birgalikda moliyalashtirish kabi aniq mexanizmlar orqali namoyon bo‘ladi. Ozarbayjon va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi istiqbolli qo‘shma investitsiya yo‘nalishlari haqida so‘z yuritar ekan, u logistika va transport infratuzilmasi, raqamli iqtisodiyot hamda ta’lim sohalarini transchegaraviy loyihalar uchun eng katta salohiyatga ega yo‘nalishlar sifatida qayd etdi.

“Bunday tadbirlarda ishtirok etish AUIC uchun an’anaga aylangan. Kompaniya nafaqat mintaqaning investitsiya salohiyati bo‘yicha o‘z tajribasi va qarashlari bilan o‘rtoqlashadi, balki moliyalashtirish uchun istiqbolli loyihalarni ham aniqlaydi”, — dedi Nazim Hajiyev.

Bugungi kunga kelib, AUICning umumiy investitsiya portfeli qariyb 144 million AQSH dollariga yetdi. Kompaniyaning joriy loyihalari qatoriga Toshkentda xalqaro maktab tashkil etish loyihasi kiradi. Ushbu loyiha avval moliyalashtirilgan American University of Technology universiteti faoliyatini to‘ldiruvchi tashabbus sifatida amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, AUIC ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini tashkil etish loyihasini ham amalga oshirmoqda.

Ozarbayjon–O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi (AUIC) Ozarbayjon Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi hukumatlari tomonidan 2023-yilda 500 million AQSH dollari ustav kapitali bilan tashkil etilgan. Kompaniya har ikki mamlakat iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston va Ozarbayjondagi tijorat loyihalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri moliyalashtiradi.